Kun: 05.04.2020

ONLAYN-MAKTAB BO‘YICHA TAKLIFLAR O‘RGANIB CHIQILADI

Xalq ta’limi vazirligi o‘z oldiga qo‘ygan asosiy masala Onlayn-maktabni qisqa muddatda, 4-chorak boshlanishiga ishga tushirish edi. Bu vazifa barcha guruh a’zolari va hamkorlarning fidokorona mehnati natijasida ko‘zlangan vaqtda amalga oshirildi.
Navbatdagi masala, ushbu darslarni doimiy takomillashtirib borish. Shu sababli takliflarni yig‘ish bo‘yicha onlayn forma tashkil etilgan edi. Hozirga qadar 90 ga yaqin takliflar kelib tushdi.
Darslar efirida uzilish bo‘lib qolmasligi uchun onlayn darslar kamida bir hafta zaxirasi bilan yozib boriladi va montaj vaqtiga qarab efirga uzatiladi.
Shu alohida ta’kidlash joizki, taklif berish bilan tezda o‘zgarish bo‘lishi biroz mushkul masala. Sababi, u taklif o‘rganib chiqilib, o‘qituvchilarga, mutaxassislarga tushuntiriladi. Undan so‘ng yangi olingan dars kamida bir haftadan keyin efirga uzatiladi.
Barcha takliflarni quyidagi forma orqali yuborishingizni iltimos qilamiz:
bit.ly/onlinemaktabfikr
Takliflarni o‘qish uchun (taxminan 5 daqiqada avtomatik yangilanadi): bit.ly/onlinemaktabtaklif
Takliflar statistikasi (taxminan 5 minutda avtomatik yangilanadi): bit.ly/onlinemaktabstat

UNESKO XALQ TA’LIMI VAZIRLIGI TOMONIDAN MASOFADAN O‘QITISH BO‘YICHA AMALGA OSHIRILAYOTGAN ISHLARNI QO‘LLAB-QUVVATLAYDI

UNESKOning O‘zbekistondagi vakolatxonasi O‘zbekiston hukumati tomonidan COVID-19 epidemiyasiga qarshi ko‘rilayotgan choralarni, shuningdek, Xalq ta’limi vazirligi tomonidan yillik o‘quv dasturlari asosida teledarslar tarzida o‘quvchilarni masofadan o‘qitishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha amalga oshirilayotgan harakatlarni qo‘llab-quvvatlaydi.
Koronavirus – o‘qitmaslik uchun bahona emas! UNESKOning monitoringi ma’lumotlariga ko‘ra, 16-mart holatiga dunyoning 56 mamlakatida maktablar yopildi. Bu 516,6 million o‘quvchiga ta’sir ko‘rsatadi. Yunesko barcha a’zo davlatlarni masofadan o‘qitishni yo‘lga qo‘yishga chorlaydi va axborot texnologiyalari asrida favqulodda holat uzluksiz ta’lim jarayonining buzilishiga sabab bo‘la olmaydi, deb hisoblaydi.